Vaqt: Nov. 18, 2021

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil Makon» milliy dasturining maqsad va vazifalariga mos ravishda O‘zbekistonda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Dastur doirasida xonadonlarda, ko‘chalarda, mahalla va qishloqlarda, shaharlarda, yo‘l chetlari va dalalarda har bir hududning iqlim sharoitlariga mos daraxt hamda butalar ekish, ularni sug‘orish va to‘g‘ri parvarish qilishni tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Asosiy maqsad ekologik muhit va atmosfera havosi sifatini yaxshilashdir.

Ushbu maqsadga erishishda FAOning «O‘zbekiston tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish»  loyihasi ham salmoqli hissa qo‘shmoqda. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda Global Ekologik Jamg‘arma (GEJ) ko‘magida  amalga oshirilmoqda. Jumladan, loyiha doirasida Kitob davlat o‘rmon xo‘jaligida mahalliy aholiga o‘z shaxsiy tomorqalari va davlat o‘rmon fondi hududini ko‘kalamzorlashtirish uchun 60 mingga yaqin ko‘chatlar topshirildi. Aksiya davomida FAO ekspertlari tomonidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Kitob tumani hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Yashil maydonlar va plantasiyalar yaratish arotexnikasi» mavzusida seminar ham o‘tkazildi. Seminarda loyiha ishtirokchilari, shuningdek,  mahalliy aholi, ijarachilar va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etishdi. 

«Barqaror boshqariladigan shahar va tog‘ o‘rmonlari yog‘och mahsulotlariga qo‘shimcha ravishda uglerodni bog‘lash, biologik xilma-xillikni saqlash, tuproqni yaxshilash va suvni muhofaza qilish kabi muhim ekotizim xizmatlarini taqdim etadi. Shu bois yashil maydonlarni ko‘paytirishdan respublikaning qishloq aholisi ham, yirik shaharlar aholisi ham birdek manfaatdor. O‘tkazilgan seminar Kitob tumanida o‘rmonlarni barqaror boshqarish, ekish, parvarish qilish va sug‘orish sohasidagi ilg‘or tajribalarni joriy etishga qaratilgan edi. Shuningdek, seminarda daraxtzorlar barpo etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi», - deydi loyihaning texnik koordinatori Olimjon Qahhorov.

FAO/GEJning «O‘zbekiston tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish» loyihasi Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlarda o‘rmonlarni barqaror boshqarish, o‘rmon hududlarining axborot tizimlari va elektron xaritalarini yaratish, gender tengligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratgan holda mahalliy aholini o‘rmon xo‘jaligini boshqarish jarayonlariga keng jalb qilish ishlari olib borilmoqda.

Barcha yangiliklar