Vaqt: Dec. 13, 2021

O‘zbekistonda 2021 yilning 11 oyi davomida yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va ushbu yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan imorat qurilishiga oid 15 416 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi xabar berdi. Gap 2496,5 gektar yerning noqonuniy foydalanilishi haqida ketmoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, qonun buzilishlarning asosiy qismi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda qayd etilgan — 8 395 ta (1 911 gektar). Hududlar bo‘yicha yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari soni:

aholi punktlari yerlarda 6 331 ta (487 gektar);
sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlarda 17 ta (2 gektar);
o‘rmon fondi yerlarda 31 ta (3 gektar);
suv fondi yerlarda 83 ta (2 gektar),
zaxira yerlarda 559 ta (91 gektar)ni tashkil etadi.
Aniqlangan 15 416 ta yer qonun buzilishini sodir etgan shaxslarga ogohlantirish xatlari yuborilgan. Yer qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan tuman (shahar) hokimliklariga 8 500 ta (1 173 gektar) taqdimnomalar kiritilgan.

Bundan tashqari, 2 655 ta (260,3 gektar) holatda sudlarga kiritilgan da’vo arizalariga, asosan, 496 ta (26,7 gektar) holatda sudning hal qiluv qarori (noqonuniy qurilmalarni buzish bo‘yicha) qabul qilindi, 2 159 ta (233,6 gektar) holat bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.

Shuningdek, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun 4 720 ta (805,9 gektar) holat yuzasidan prokuratura organlariga ma’lumotlar taqdim etilib, hozirgi kunda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning iyunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi. O‘shanda hokim qarori bilan nodavlat sektorga yer ajratish hamda yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyoti bekor qilinishi ma’lum bo‘lgandi. Iyuldan boshlab esa O‘zbekistonda noqonuniy qurilish va yerni o‘zboshimchalik bilan egallash to‘g‘risida Telegram-bot orqali xabar berish mumkin bo‘ldi.

Barcha yangiliklar