Vaqt: Dec. 6, 2021

 

Toshkent shahrida CADI (Markaziy Osiyo cho‘llari bo‘yicha tashabbus) loyihasi doirasida Moʻtadil cho‘llar bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Germaniyaning Grayfsvald universiteti va Maykl Zukkov jamg‘armasi tadbirning asosiy tashkilotchilari bo‘ldilar.

Konferensiya moʻtadil cho‘l hududlarini rivojlantirish va saqlash imkoniyatlarini muhokama qilish, shuningdek, yerlarni barqaror boshqarish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar haqida xabardorlikni oshirish, moʻtadil cho‘l hududlari ekotizimlarida bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha bilimlarni tarqatish uchun yaxshi platformaga aylandi.

Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning moʻtadil cho‘llari Markaziy Osiyoning biologik xilma-xillikni saqlash uchun global ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqalar qatoriga kiradi va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra Jahon merosi ob’yektlari maqomini olish uchun da’vogar bo‘lishi mumkin. Bu o‘ziga xos landshaftlar, hayvonlarning noyob turlari, jumladan, yovvoyi jayron, qulonlarning yashashini ta’minlaydi. Ular, shuningdek, burgut, tuvaloq va lochin kabi qush turlari uchun muhim uya qurish va ko‘chib o‘tish joylari bo‘lib xizmat qiladi. Lekin hozirgi vaqtda tabiiy resurslardan haddan tashqari foydalanish va keng ko‘lamli infratuzilmalar qurilishi sababli ushbu hududlar xavf ostida qolmoqda.

Aynan mana shu joylar Markaziy Osiyo cho‘llari tashabbusining maqsadli hududlari hisoblanadi. Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan CADI loyihasi 2016 yildan buyon Grayfsvald universiteti, Maykl Zukkov jamg‘armasi va FAO tomonidan Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda.

— Markaziy Osiyo yer sharining eng katta qit’asi markazida joylashgan biologik xilma-xillikning global o‘chog‘i hisoblanadi. Bu mintaqada ko‘plab noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon va qush turlarining yashash hamda ko‘payish joylari, migrasiya yo‘laklari va uchish yo‘nalishlari mavjud. CADI loyihasi global ahamiyatga ega noyob ekotizimlari bo‘lgan moʻtadil cho‘llarni saqlash va barqaror foydalanishga qaratilgan, — deya ta’kidlaydi CADI loyihasining O‘zbekistondagi Milliy koordinatori Narimon Nishonov.

Loyiha doirasida moʻtadil cho‘llarning qiyin sharoitlarida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan aholi qo‘llab-quvvatlanadi. Jumladan, loyiha faoliyati junni qayta ishlash, tikuvchilik, sutni qayta ishlash, oilalarni asalarichilik uchun uskunalar bilan ta’minlash, shuningdek, urug‘lik va ko‘chatlar tarqatish kabi tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, CADI loyihasi doirasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, xotin-qizlar o‘rtasida hunarmandchiliknining har xil turlarini rivojlantirish, issiqxonalarda ko‘chatchilik tashkil qilish, asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli o‘quv treninglari o‘tkazilmoqda. Bunda, xotin-qizlarning qishloq xo‘jaligiga qo‘shayotgan beqiyos hissalarini inobatga olgan olgan holda loyiha tarafidan gender tengligini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Barcha yangiliklar