Vaqt: Nov. 30, 2021

 

O‘zbekistonda har birining maydoni kamida 20 sotix bo‘lgan, turar joy majmuasini ham qamrab olgan issiqxonalar (uy-issiqxona majmualari) tashkil etiladi. Bu prezidentning 7 iyundagi qarorida o‘z aksini topgan.

Shuningdek, tashabbuskor aholi tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix bo‘lgan issiqxonalar ham barpo etiladi.

Uy-issiqxonalar qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan bo‘sh yer maydonlarida tashkil etiladi. Bunda bitta maydonda kamida 100 ta uy-issiqxona joylashtiriladi.
 

Uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish davlat, investorlar va tashabbuskor aholi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bunda davlat yer maydonlarini investorlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ochiq tanlov yakunlari bo‘yicha ijara huquqi asosida ajratadi. Shuningdek, uy-issiqxona majmuasiga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (jumladan gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yo‘l) tortilishini ta’minlaydi.

Investorlar uy-issiqxonalarni qurilish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, issiqxonalarga yetishtirilgan mahsulotlarni tashqi va ichki bozorlarda sotadi va hisobini yuritadi.

Tashabbuskor aholi esa shartnoma asosida uy-issiqxona majmualarida o‘zini o‘zi band qilgan holda faoliyat olib boradi hamda ularda mahsulotlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Kelishilgan muddat yakunlanganidan so‘ng uy-issiqxona majmualarini mulk huquqi asosida, ular joylashgan yerni ijara huquqi asosida (ijara shartnomasining amal qilish muddatiga) bepul qabul qilib oladi hamda kelgusida undan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlaydi.

Tashabbuskor aholini tanlash investorlar va tuman hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.

Uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yig‘iladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021 yilning 31 dekabriga, materiallar, xomashyolar va butlovchi qismlar esa 2023 yilning 31 dekabriga qadar qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun yer solig‘i stavkalari hamda uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida o‘rnatildi.

Qarorda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida urug‘chilik, navchilik, laboratoriya va logistika masalalarini qamrab oladigan klaster tizimini joriy qilish topshirildi.

Barcha yangiliklar